ISTIHORA:
QANDAY & NEGA


Istihora (Hayrni talab qilish): Qaror qabul qilishda Alloh ﷻ dan hayr va hidoyat so'rash

1

Istihora Uchun Niyat Qiling


2

Ikki Rakat Namoz O’qing


3

Istihora duosini o’qing va ehtiyojingizni ayting


Istihora duosi
اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ، وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ الْعَظِيمِ، فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلاَ أَقْدِرُ وَتَعْلَمُ وَلاَ أَعْلَمُ وَأَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُوبِ، اللَّهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ ‭[qaroringizni shu yerda ayting]‬ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي فَاقْدُرْهُ لِي وَيَسِّرْهُ لِي ثُمَّ بَارِكْ لِي فِيهِ، وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي فَاصْرِفْهُ عَنِّي وَاصْرِفْنِي عَنْهُ، وَاقْدُرْ لِي الْخَيْرَ حَيْثُ كَانَ ثُمَّ أَرْضِنِي بِهِ


Allohumma inniy astaxīruka biʿilmika va astaqdiruka biqudratika, va asʾaluka min faḍlika (a)l-ʿaẓīm fainnaka taqdiru valā aqdiru va taʿlamu valā aʿlamu va anta ʿallāmu (a)l-g’uyūb. Allohumma, in kunta taʿlamu anna hāza (a)l-amra xoyrul lī fī dīnī va maʿāshī vaʿāqibati amrī faqdurhu lī va yassirhu lī thumma barik lī fīhi. Va in kunta taʿlamu anna haza (a)l-amra sharrun lī fī dīnī va maʿāshī va ʿāqibati amri faṣrifhu ʿannī va (a)ṣrifni ʿanhu vaqdir lī(ya) (a)l-xoyro haysu kāna summa arḍīnī bihi.
Allohim, ilming bilan Sendan yaxshilik so’rayman. Qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug’ fazlingni so’rayman. Zero, Sen qodirsan, men ojizman. Sen biluvchisan, men bilmayman. Sen g’aybni biluvchisan. Allohim, agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va ohiratimda men uchun yaxshi bo’lsa, uni menga nasib et. Agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va ohiratimda men uchun yomon bo’lsa, uni mendan va meni undan uzoqlashtir. Qayerda bo’lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi qil.

Ma'lumotlar


Umumiy

Istihora lug’atda “hayrni talab qilish” degan ma’noni anglatib, 3 bosqichli qaror qabul qilish jarayonining uchinchi bosqichidir:

  1. Tayyorgarlik – Shaxsiy mantiqni ishga soling va imkoniyatlaringizni chamalang. Izlaning.
  2. Istishora (maslahat so’rang) - Siz ikkilanayotgan sohangizda tajribali va bilimli bo’lgan insondan maslahat so’rang.
  3. Istihora (hidoyat izlang) - Nimani istayotganigiz oydinlashdi, lekin bir qarorga kelishda ikkilanyapsiz. Qat’iyat va aniqlik istayapsiz. Nihoyat, aynan shu bosqichda istihora ishga tushadi.

Istihora Namozi

Shartlari

  • Har qanday namoz uchun talab qilinga shartlar (m. qada, ruku, sajda)
  • Boshqa talablar mavjud emas. (m: maxsus g’usl qilish yoki tunda o’qish shart emas)

Qanday

Ikki rakat nafl namozi (besh vaqt farz namozidan tashqari har qanday namoz) o’qing va har bir rakatda Fotiha surasidan keyin istalgan surani o’qing, chunki Payg’ambar ﷺ tomonidan ma’lum bir sura tavsiya etilmagan. (Eslatma: Mufassir Shayx Muhammad Sodiq o’zlarining “Kifoya 1” kitoblarida 1-rakatda Fotiha + Kafirun, 2-rakatda Fotiha + Ixlos suralarini tavsiya etganlar.) Namozni tugatib, ya’ni salom berganingizdan so’ng, istihora duosini o’qing. Iloji boricha Rasululloh ﷺ o’rgatganlaridek, arab tilida o’qing va ehtiyojingizni istalgan tilda aniq ayting. Agar duoni yodlamagan bo’lsangiz, qog’ozdan yoki qo’l telefonidan o’qing. Agar arab yozuvida o’qiyolmasangiz, lotin yozuvida keltirilgan o’qilishidan foydalaning. Hech qanday qo’shimcha duo talab qilinmaydi.

Natija

Hech qanday tush/ishora/belgi KO’RMASLIGINGIZ ham mumkin. Alloh ﷻ shu ishning hayrli yoki hayrsiz ekanini qalbingizga soladi. (Ba’zilar tush ko’rganini aytadi, boshqalar esa tushida ijobiy ko’rilgani, hayotda esa salbiy natija berganini aytishadi. Shuning uchun qalbingizga Alloh ﷻ solganiga ishoning.)

Xulosa

Istihora- tabiiy jarayon. Aql bovar qilmaydigan narsalarni kutmang. Istihora sizga berishi mumkin bo’lgan narsa: qaror qabul qilishda Allohga suyanishingizni Robbimizga ko’rsatish. Harom narsalar uchun (m: Shu spirtli ichimlik ichsam bo’ladimi?) yoki farz amallar uchun (m: Xufton namozini o’qishim kerakmi?) istihora o’qilmaydi. Istihora natijasida qabul qilgan qaroringizda afsuslanmang, chunki bu Alloh ﷻ sizga nasib etgan hidoyatidan shubhalanish va taqdiridan afsuslanish bilan barobardir. Hatto qaroringiz sizga sezdirilganidek yaxshi natija bermasa ham, unutmang, bu siz uchun hayrlidir va sizga bunda qanchadan-qancha ne’mat bor, garchi ularni hali ko’rmayotgan bo’lsangiz ham.

TSS (Takroran so’raladigan savollar)


1. Agar istihoradan keyin ham bir qarorga kelolmasam, nima qilay?

U holda shuni bilingki, Alloh ﷻ hali qalbingizga solmabdi. Bu shundan ishora bo’lishi mumkinki, Alloh ﷻ ibodatda va duoda bardavom bo’lishingizni istayapti. Duo qilishda davom eting. Ming marta so’rasangiz-u, javob ololmasangiz ham, hidoyat so’rashdan to’xtamang.

2. Boshqa birov uchun istihora o’qisam, bo’ladimi?

Buni tasdiqlaydigan dalil rivoyat qilinmagan. Istihora namozi hidoyat (to’gri yo’l) so’rayotgan insonning o’zi tomonidan o’qilishi tavsiya qilinadi.

3. Farz namozlarini o’qimayman. Duoim qabul bo’larmikin?

Alloh barcha bandalariga javob beradi. Hatto eng katta gunohkor ham Allohga yuzlanishi va ehtiyojini so’rashi mumkin. Shunday qilish – Allohga ishonch va samimiylikdan nishona.

4. Qabul qilinadigan qaror boshqalarga ham ta’sir qilsa-chi?

Qaror ta’sir qilishi mumkin bo’lgan har bir inson alohida istihora o’qishi lozim.

5. Qarorimda qat’iy bo’lsam ham, istihora o’qisam bo’ladimi?

Albatta, chunki bu amallaringizga faqat baraka yog’diradi. Sahobalar (Alloh ulardan rozi bo’lsin) hatto kunlik oddiy ishlar uchun ham istihora o’qishgan.

6. Ikki rakat namoz o’qimay, duoni o’zini o’qisam ham bo’ladimi?

Duoning o’zi yetarli (lekin namoz o’qigan undan-da yaxshi). Rasululloh ﷺ ikki rakat namoz o’qishni tavsiya etgan bo’lsalar-da, agar doim duo qilib yursangiz yoki tezda qaror qabul qilishingiz lozim bo’lgan holatda, duoning o’zi yetarli. Masalan, hozirda (hayz, lohisa va boshqa tabiiy holatga ko’ra) namoz o’qiyolmayotgan muslima namoz o’qimasdan, faqat duo qilishlari mumkin.

7. Agar arabcha o’qiyolmasam, nima qilay? Men dinda yangiman/endi o’rganyapman va duoni o’qishda qiynalyapman.

Duoni o’zbekchada (qaysi til sizga oson bo’lsa, shu tilda) ayting va shuni bilingki, Alloh barcha tillardagi duo va ibodatlarni tushunadi. Siz faqat Allohga chin dildan ibodat qiling. Robbimiz Undan va faqat Undan chin dildan samimiy so’rayotganimizni ko’rishni istaydi. Agar duo arab tilidan ko’ra boshqa tilda siz uchun oson bo’lsa, shunday qiling.

8. Agar Alloh barcha tillarni tushunsa, nega arabcha duo o’qishim kerak?

Chunki Payg’ambarimiz ﷺ bizga shu duoni o’rgatganlar va u kishi ﷺ duo qilgandek duo qilib, qo’shimcha ajr olishimiz mumkin. Bundan tashqari, sahobalar (Alloh barchalaridan rozi bo’lsin) rivoyat qilishlaricha, Payg’ambarimiz ﷺ ularga bu duoni huddi Qur’on oyatlarini o’rgatgandek ta’lim berganlar.

9. Istihora o’qimay qaror qabul qildim. Adashdimmi?

Yo’q. Istihora – bu bandaning qaror qabul qilishda Robbisining marhamatini, hidoyatini, to’g’ri yo’l ko’rsatishini so’rab yolvorishi. Lekin Robbimiz shu darajada mehribonki, Uning marhamati qulning amaliga qarab belgilanmaydi. U istagan bandasini martabali qiladi.

10. Bitta holat uchun eng ko’pi bilan, necha marta istihora o’qish mumkin?

Rasululloh ﷺ aniq miqdorini aytmaganlar. Shunday ekan, bir martami yoki ming martami, bu o’sha ish oldida ikkilanayotgan insonga bog’liq. Agar shu ishni qilishga hech qanday ishora sezmagan bo’lsangiz, so’rashda davom eting. Agar ishning hayrli ekanini sezgan bo’lsangiz, bilingki, bu Robbimizdan va uni qabul qiling. Ishonch hosil qilish uchun qayta-qayta istihora qilish shart emas. (Eslatma: Muhaddis Shayx Muhammad Sodiq o’zlarining “Kifoya 1” kitoblarida 7 martagacha deganlar. Vallohu A’lam.)